Asmo ul husno



Allohning go’zal ismlari

Allohning borligiga ishongan odam U zotni yaxshi tanishi ham kerak. Aqoid ilmi istilohi bilan aytganda ma’rifat hosil qilishi lozim. Bu ma’rifat esa Alloh taoloning go’zal ismlari va U zotning sifatlarini bilish ila hosil bo’ladi.

Alloh taolo: «Allohning go’zal ismlari bordir. Bas, Unga o’sha (ism)lar ila duo qiling», degan (A’rof: 180-oyat).

Allohning barcha ismlari go’zaldir. Mo’min-musulmon banda Allohga duo qilganida, o’sha go’zal ismlar ila duo qilmog’i lozim.

Alloh taolo yana: «U Alloh Xoliq, Bari’, Musavvirdur. Barcha go’zal ismlar Unikidir. Osmonlaru yerdagi barcha narsalar Uni poklab yod etadilar. Yana U Aziz va Hakimdir», degan (Hashr:24).

«Hashr» surasining bu so’nggi oyatida Allohning bir necha go’zal ismlari haqida so’z boryapti. Xususan:

Xoliq – yaratuvchi.

Bari’ – yo’qdan bor qiluvchi.

Musavvir – maxluqotlarning suvratini shakllantiruvchi.

Dunyodagi barcha chiroyli ismlar Allohnikidir.

Imom Ahmad ibn Hanbal Ma’qal ibn Yasardan rivoyat qilgan hadisda Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalom:

«Kimki tong chog’ida uch marta «A’uzu billahis-samiy’ul aliym minash shaytonir rojiym» desa va «Hashr» surasining uch oyatini o’qisa, Alloh taolo salovat aytadigan yetmish ming farishtani unga vakil qilib qo’yadi. Agar o’sha kuni vafot etsa, shahid ketadi. Kimki kech kirganda o’qisa, xuddi o’sha martabaga erishadi», deb marhamat qilganlar.

Ushbu hadisi sharifda zikr etilgan «Hashr» surasining uch oyati yuqoridagi oyati karima va surada undan oldingi ikki oyatdir. Keling, o’sha ikki oyatning ma’nolari va ularning tafsirini ham o’rganaylik:

«U Alloh, Undan o’zga iloh yo’q zotdir. U g’oyibni ham oshkorni ham biluvchidir. U mehribon va rahmlidir» (Hashr: 22 – oyat).

Ushbu oyatdan ma’lum bo’ladiki, e’tiqod va ibodat faqat yagona Allohning O’ziga bo’lmog’i kerak. Barcha qalblar faqat Ungagina talpinishi lozim. Alloh taolo shundoq zotki, siz bilan biz bilgan va bilmagan barcha narsalarni biladi. Osmonlaru yerda Alloh bilmagan narsa yo’q, demak, Unga ibodat qilish kerak.

«U Alloh, Undan o’zga iloh yo’q zotdir. U – Malik, U – Quddus, U – Salom, U – Mo’min, U – Muhaymin, U – Aziz, U – Jabbor, U – Mutakabbirdir. Alloh Unga shirk keltirishayotgan narsalardan pok» (Hashr: 23-oyat).

Avvalgi oyat kabi bu oyati karima ham Alloh vahdoniyatining isboti ila boshlangan va uning bir necha ismlarini eslatmoqda, jumladan:

Malik – haqiqiy egadir, Undan o’zga ega yo’q. Shuning uchun bandalar faqat Unga qul bo’ladilar. Hech vaqtda bir qulga ikki xo’ja bo’lmaydi. Shuning uchun insonlar o’zlariga o’xshagan insonlarga emas, balki yagona yaratganga, haqiqiy egaga qul bo’lishlari lozim.

Quddus – barcha ayblardan holi, noloyiq sifatlardan pok. Mutlaq muqaddaslik va mutlaq poklik Allohning O’zigagina xosdir.

Salom – nuqsonlardan salomat, shuningdek, tinchlik-xotirjamlik va rohat beruvchi zot. Alloh «Salom» sifati ila bandalarga tinchlik, omonlik, xotirjamlik ato qiladi.

Mo’min – iymon va omonlikni beruvchi.

Muhaymin – hamma narsani qamrab oluvchi, ya’ni, Alloh bandalarning barcha holatlariga guvoh bo’lib turadi, Undan hech narsa maxfiy qolmaydi.

Aziz – barchaning ustidan g’olib.

Jabbor – oliy qadar, ulug’, Uning oldida o’zgalar o’zini xor tutadi.

Mutakabbir – kibryosi va ulug’ligi mubolag’ali zot.

Ushbu barkamollik sifatlariga ega bo’lgan aybsiz zot mushriklarning Unga shirk keltirishidan ham pokdir.

Alloh taolo «Toho» surasida: «Alloh–Undan boshqa ibodatga sazovor iloh yo’q zotdir. Go’zal ismlar Unikidir», degan (8-oyat).

Ya’ni, Alloh taolo O’zining borligida, molikligida, ilmida va hamma narsani O’z tasarrufida tutishida yagonadir. Uning ismlari faqat va faqat go’zaldir. Go’zal ismlarning barchasi tanho Unga xosdir.

Alloh taolo «Isro» surasida: «Allohga duo qilinglar, Rahmonga duo qilinglar, qaysisiga duo qilsangiz ham, bari bir. Go’zal ismlar Unikidir», degan (110-oyat).

Rivoyatlarda kelishicha, Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bir kuni: «Yo, Alloh! Yo, Rahmon!» deb duo qilayotganlarini mushriklar eshitib qolib, darhol:

«Muhammad yakka xudolikka chaqirar edi, o’zi bo’lsa ikkita xudoga duo qilmoqda», deb gap tarqatishibdi.

Ularning bu johilona tushunchasi va tasarrufi javobiga ushbu oyat tushgan ekan. Bu oyatda mazkur noto’g’ri tushuncha va tasarruf to’g’rilanmoqda.

«Allohga duo qilinglar, Rahmonga duo qilinglar, qaysisiga duo qilsangiz ham, baribir».

«Alloh», «Rahmon» ismlari ikki xil bo’lgani bilan zot bir. Ism ko’paysa, zot ham ko’payib qolmaydi.

«Go’zal ismlar Unikidir», deb ayt».

Dunyodagi eng go’zal ismlar Allohnikidir. Shundan to’qson to’qqiztasi Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning bir hadislarida kelgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi va sallam:

«Allohning to’qson to’qqizta ismi bor. Kim ularni yod olsa, jannatga kiradi. Albatta, Alloh toqdir va toqni yaxshi ko’radi», dedilar».

Ikki shayx va Termiziy rivoyat qilgan.

Alloh toq bo’lgani va toqni yaxshi ko’rgani uchun ham Uning go’zal ismlari to’qson to’qqizta bo’lgan. Kim o’sha to’qson to’qqiz ismni yod olsa jannatga kiradi. Chunki bu go’zal ismlarni yod olgan kishi Alloh taoloning go’zal ismlarini doimo zikr qilib yuradigan banda bo’ladi.

Ammo bu Alloh taoloning to’qson to’qqizdan boshqa ismi yo’q degani emas. Albatta, Alloh taoloning ismlari ko’p.

Qo’yidagi hadisi sharifda Alloh taoloning go’zal ismlari sifatida mashhur bo’lgan to’qson to’qqiz ismni zikri keladi.

Yana o’sha kishidan rivoyat qilinadi:

«Allohning to’qson to’qqizta ismi bor. Kim ularni to’liq bilib olsa, jannatga kiradi. U Undan o’zga ilohu ma’bud yo’q Allohdir. Rahmon, Rohiym, Malik, Quddus, Salom, Mo’min, Muhaymin, Aziz, Jabbor, Mutakabbir, Xoliq, Bari’, Musavvir, G’affor, Qahhor, Vahhob, Razzoq, Fattoh, Aliym, Qobiz, Bosit, Xofiz, Rofe’, Mu’izz, Muzill, Samiy’, Basiyr, Hakam, Adl, Latiyf, Xabiyr, Haliym, Aziym, G’afur, Shakur, Aliy, Kabiyr, Hafiyz, Muqiyt, Hasiyb, Jaliyl, Kariym, Raqiyb, Mujiyb, Vose’, Hakiym, Vadud, Majiyd, Bo’is, Shahiyd, Haq, Vakiyl, Qaviy, Matiyn, Valiy, Hamiyd, Muhsiy, Mubdi’, Mu’iyd, Muh’yi, Mumiyt, Hayy, Qayyum, Vojid, Vohid, Somad, Qodir, Muqtadir, Muqaddim, Muaxxir, Avval, Oxir, Zohir, Botin, Voliy, Mutaoliy, Barr, Tavvob, Muntaqim, Afvvu, Ra’uf, Molikul Mulk, Zul Jalol val Ikrom, Muqsit, Jome’, G’aniy, Mug’niy, Mone’, Zorr, Nofe’, Nur, Hodiy, Badiy’, Boqiy, Voris, Rashiyd va Sabur», dedilar».

Termiziy, Ibn Hibbon va al-Hokim rivoyat qilgan.

Endi Alloh taoloning bu go’zal ismlarining ma’nolari bilan tanishib chiqaylik.

1. Alloh.

Alloh lafzi «alaha» fe’lidan olingan «iloh» masdariga mansub bo’lib ma’bud – ibodat qilingan zot – ma’nosini anglatadi. Arablarda «iloh»ning avvaliga alif va lom harflari kiritilgan va «al-ilohu» hosil bo’lgan. So’ngra hamzaning harakatini lomi ta’rifga naql qilingan va bir jinsdagi ikki harfni idg’om qilingandan keyin «Alloh» lafzi hosil bo’lgan.

Alloh lafzi yakkayu yagona ma’budi haqqa ism bo’lib qolgan. U zotdan boshqaga bu ism ishlatilmagan.

Ba’zi ulamolar, Alloh ismi a’zamdir, deganlar. Bu lafzi jalola haqida Ibn Atoulloh Sakandariy kabi zotlar alohida kitoblar ham yozganlar.

2. Rahmon.

«Rahmon» – ulug’ ne’matlarni beruvchi.

«Rahmon» sifati faqat Allohga xos bo’lib, barchaga–kofirga ham, mo’minga ham mehribon va ne’mat beruvchi, ma’nosini anglatadi. Rahmon sifatini Alloh taolodan boshqa hech kimga nisbatan ishlatib bo’lmaydi.

3. Rohiym.

«Rohiym» – latif ne’matlarni beruvchi.

«Rohiym» sifati esa xosroq bo’lib, qiyomat kuni faqat mo’minlarga rahm qiluvchi ma’nosini anglatadi va Allohdan o’zgalarga, jumladan, Payg’ambar alayhissalomga nisbatan ham ishlatiladi.

4. Malik.

«Malik» – barcha narsaning egasi.

«Malik» – haqiqiy egadir, Undan o’zga ega yo’q. Shuning uchun bandalar faqat Unga qul bo’ladilar. Hech vaqtda bir qulga ikki xo’ja bo’lmaydi. Shuning uchun insonlar o’zlariga o’xshagan insonlarga emas, balki yagona yaratganga, haqiqiy ega-Malikka qul bo’lishlari lozim.

5. Quddus.

«Quddus» – barcha ayblardan holi, noloyiq sifatlardan pok. Mutlaq muqaddaslik va mutlaq poklik Allohning O’zigagina xosdir.

6. Salom.

«Salom» – nuqsonlardan salomat, shuningdek, tinchlik-xotirjamlik va rohat beruvchi zot. Alloh «Salom» sifati ila bandalarga tinchlik, omonlik, xotirjamlik ato qiladi.

7. Mo’min.

Mo’min – iymon va omonlikni beruvchi.

8. Muhaymin.

«Muhaymin» – hamma narsani qamrab oluvchi, ya’ni, Alloh bandalaring barcha holatlariga guvoh bo’lib turadi, Undan hech narsa maxfiy qolmaydi.

9. Aziz.

Aziz – barchaning ustidan g’olib. Undan biror narsa g’olib kela olmaydi.

10. Jabbor.

Jabbor – oliy qadar, ulug’, Uning oldida o’zgalar o’zini xor tutadi.

11. Mutakabbir.

Mutakabbir – kibiryosi va ulug’ligi mubolag’ali zot. Uning oldida boshqalar qul bo’lib turadigan zot.

12. Xoliq.

Xoliq – Asli va o’xshashi yo’q narsalarni aniq bir o’lchovlar bilan yaratuvchi. U zotda maxluqi yo’qligida ham Xoliqlik ma’nosi mavjuddir. Alloh maxluqlar vujudga keltirilishidan oldin Xoliq, degan vasfga ega edi. U xaloyiqni xalq qilganidan boshlab Xoliq ismini olgani yo’q. Xoliq mutlaq vujudga keltiruvchidir.

13. Bori’.

Bori’ – yo’qdan paydo qiluvchi, vujudga keltiruvchi.

Bori’ tafovutsiz qilib vujudga keltiruvchidir.

14. Musavvir.

Musavvir – maxluqotlarning suvratini shakllantiruvchi. Har bir narsaga o’ziga xos suvrat beruvchi.

15. G’affor.

Ko’plab mag’firat qilib, bandalarning aybini O’z fazli ila ularni itob qilmasdan kechib yuboruvchi.

16. Qahhor.

Barcha maxluqotlarni qabzasida tutib, ularni O’z hukmiga yuritib va qudrati ila bo’ysundirib turuvchi.

17. Vahhob.

Ko’plab ne’matlarni behisob beruvchi.

18. Razzoq.

Ko’plab rizq beruvchi. Rizqlarni va ularning vositalarini yaratuvchi. Alloh maxluqotlariga hech bir ogirliksiz va qiyinchiliksiz yoki yordam so’ramasdan rizq beruvchidir.

19. Fattoh.

Ko’plab narsalarni ochuvchi. O’z rahmat xaziynasini bandalariga ochuvchi.

20. Aliym.

Har bir narsani biluvchi. Bo’lgan va bo’ladigan, avvalgi va oxirgi, zohir va botin narsalarning barchasini biluvchi.

21. Qobiz.

Ruhlarni qabz qiluvchi – tutuvchi. Xohlagan kishisining rizqini qabz qiluvchi. Qalblarni qabz qiluvchi.

22. Bosit.

Ruhlarni kenglikka qo’yib yuboruvchi. Xohlagan kishisining rizqini keng qilib qo’yuvchi. Qalblarni keng qiluvchi.

23. Xofiz.

Pasaytiruvchi. Misol uchun kofir va fosiqlarning martabasini ularni xoru zor qilib pasaytiradi.

24. Rofe’.

Ko’taruvchi. Misol uchun mo’min va taqvodorlarning martabasini ularni azizu mukarram qilib ko’taradi.

25. Mu’izz.

Aziz qiluvchi. Kimni xohlasa to’g’ri yo’lga solib aziz qiladi.

26. Muzill.

Xor qiluvchi. Kimni xohlasa egri yo’lga yurgani uchun xor qiladi.

27. Samiy’.

Har bir narsani eshituvchi.

28. Basiyr.

Har bir narsani ko’ruvchi.

29. Hakam.

Hukm qiluvchi.

30. Adl.

Mutlaq adolat qiluvchi.

31. Latiyf.

O’ta lutf ko’rsatuvchi. Barcha narsalarning nozik va daqiq joylarigacha biluvchi.

32. Xabiyr.

Hamma narsadan o’ta xabardor.

33. Haliym.

G’azabi qo’zimaydigan va iqob qilishga shoshilmaydigan.


34. Aziym.

Aql tasavvur qila olmaydigan darajada azamatli va ulug’.

35. G’afur.

Ko’p mag’firat qiluvchi.

36. Shakur.

Oz amal uchun ko’p savob beruvchi.

37. Aliy.

Martabasi oliylikda benihoya.

38. Kabiyr.

Har bir narsadan katta.

39. Hafiyz.

Har bir narsani komil muhofaza qiluvchi.


40. Muqiyt.

Barcha moddiy va ruhiy qutlarni yaratuvchi.

41. Hasiyb.

Kifoya qiluvchi. Qiyomat kuni bandalarning hisobini qiluvchi.

42. Jaliyl.

Sifatlarida ulug’likka ega bo’lgan zot.

43. Kariym.

Birov so’ramasa ham, biror narsaning evaziga bo’lmasa ham narsalarni ko’plab ato qiluvchi. Lutf bilan itob qiluvchi. Qarama-qarshiliklardan pok bo’lgan. Karamli ishlar va xislatlar sohibi.

44. Raqiyb.

Hech bir zarrani ham qo’ymay muroqaba qilib turuvchi.

45. Mujiyb.

Duolarni ijobat qiluvchi.

46. Vose’.

Keng – hamma narsani keng ilmi ila qamrab olgan. Barchani keng rahmati ila qamrab olgan.

47. Hakiym.

Har bir narsani hikmat ila qiluvchi.

48. Vadud.

Barchaga yaxshilikni ravo ko’ruvchi.

49. Majiyd.

Shon – sharafi va qadri baland va cheksiz.

50. Bo’is.

Yuboruvchi: xalqlarga payg’ambarlar yuboruvchi. Kishilarga himmat yuboruvchi. O’liklarni qayta tiriltiruvchi.

51. Shahiyd.

Har bir narsaga hoziru nozir. Barchaga shohidlik beruvchi.

52. Haq.

O’zgarmas sobit zot. Haqni yuzaga chiqaruvchi zot.

53. Vakiyl.

Barchaning ishi unga topshirilgan zot.

54. Qaviy.

Quvvatli zot.

55. Matiyn.

Matonatli zot.

56. Valiy.

Muhabbat qiluvchi, nusrat beruvchi va xalqining ishini yurituvchi zot.

57. Hamiyd.

Barcha maqtovlar ila maqtalgan zot.

58. Muhsiy.

Barcha narsaning hisobini olgan zot.

59. Mubdi’.

Barcha narsalarni avval boshdan bor qilgan zot.

60. Mu’iyd.

Yo’q bo’lgan narsalarni yana qaytadan bor qiluvchi.

61. Muh’yi.

Tiriltiruvchi. U zot o’liklarni tiriltiruvchidir va bu ismga ularni tiriltirishdan oldin sazovordir. Uni ularni o’lik bo’lganlaridan keyin jon kiritib tirik qilganidan keyin tiriltiruvchi, deb atalganidek, ularni xalq qilishdan oldin, ularga hayot berishidan oldin ham, tiriltiruvchi, deyilaveradi. Xuddi, xaloyiqni xalq qilishidan oldin Xoliq bo’lganidek.

Alloh taologa qiyomat kuni o’liklarni tiriltirishi uchun, tiriltiruvchi nomi berildi. Bas, shundan ma’lum bo’ldiki, tiriltirish sifati Alloh taolo uchun tiriltirishdan oldin ham sobitdir.

62. Mumiyt.

O’ldirivchi. Barcha jonzotlarning jonini oluvchi.

63. Hayy.

Tirik. U tirikdir, o’lmas. Ya’ni, Allohning hayoti abadiydir, o’lim ila yo’q bo’lmas. Shuningdek, Allohning hayoti azaliydir, oldindan yo’q bo’lgan emas.

Yagona Allohning tirikligi O’zigagina xos alohida hayot bo’lib, bandalar hayotiga o’xshash boshqa masdardan berilgan emas. Bu hayot azaliy va abadiydir. Boshlanish chegarasi ham, tugash chegarasi ham yo’q. Allohning tirikligi hech bir jihatdan bandalarning hayotiga o’xshamaydi.

64. Qayyum.

O’z o’zidan qoim bo’lgan va boshqalarni qoim qilgan zot.

«Qayyum»lik sifatining ma’nosi, Alloh taborak va taoloning har bir narsa ustida turuvchi ekanligi va har bir turuvchi narsa Uning sababidangina turishidir. Shu bilan Allohning turishi boshqanikiga o’xshamaydi va doimiydir.

65. Vojid.

Topuvchi. Xohlagan narsasini topuvchi. Bu ishda birov Uni to’sa olmaydi.

66. Mojid.

Majdu sharaf sohibi bo’lgan zot.

67. Vohid.

Yagona. Bita. Bo’linmas. U zot o’z zotida ham, sifatlarida ham va ishlarida ham birdir.


68. Somad.

Somad sifati ko’p ma’nolarni o’z ichiga oladi:

– itoat qilingan ulug’–Usiz hech bir ish bitmaydi.

– hech kimga hojati tushmaydi, barchaning hojati Unga tushadi.

– butun maxluqot bitib tugasa ham, O’zi doim boqiydir va hokazo.


69. Qodir.

Cheksiz qudrat sohibi. U zot har bir narsaga qodirdir. Har bir ish unga osondir.

Alloh taolo azaldan har bir narsaga qodirdir. Agar Alloh azaldan har bir narsaga qodir bo’lmasa, qachon va qandoq qilib har bir narsaga qodir bo’la oladi.

Ahli sunna va jamoa esa Alloh har bir narsaga qodirdir. Bunga hamma bo’lishi mumkin narsalar kiradi. Bo’lishi mumkin bo’lmagan amri mahol narsalarga esa aqli bor odamlar ahamiyat bermaydilar, deydilar.

Ba’zi bir fitnachi odamlar musulmonlarning iymoniga futur yetkazish uchun «Alloh o’zi ko’tarolmaydigan toshni ham yarata oladimi?» kabi bema’ni savollarni beradilar. Bu kabi narsalar amri maholdir va ahli iymonlar ularga ahamiyat bermasliklari lozim.


70. Muqtadir.

Juda ham qudratli.


71. Muqaddim.

Oldinga suruvchi. U zot xohlagan shaxs va narsani xohlaganidan oldinga suradi.


72. Muaxxir.

Orqaga suruvchi. U zot xohlagan shaxs va narsani xohlaganidan orqaga suradi.


73. Avval.

«Avval» – U hamma narsadan avval, ya’ni, barcha mavjudotlar yo’qligida Alloh bor edi. Mavjudotlarni «Avval» sifatiga ega bo’lgan Alloh yaratdi. Ya’ni, Alloh vujudga kelishining boshlanishi yo’qdir.


74. Oxir.

«Oxir» – U hamma narsa yo’q bo’lib ketganda ham O’zi qoladi.


76. Botin.

«Botin» – U ko’zga ko’rinmaydi. Hammadan pinhon-maxfiy narsalarni bilib turuvchidir.

77. Voliy.

Har bir narsaga voliy – ega bo’lgan zot.


78. Mutaoliy.

Nuqsonlardan yuqori turuvchi zot.


79. Barr.

Ulug’ yaxshilik qiluvchi.


80. Tavvob.

Bandalarni tavbaga yo’llovchi va ularning tavbasini ko’plab qabul qiluvchi zot.


81. Muntaqim.

Zolim va osiylardan intiqom oluvchi.


82. Afvvu.

Afv qiluvchi.


83. Ra’uf.

O’ta shafqatli va mehribon.


84. Molikul Mulk.

Mulk egasi. Bu dunyodagi ishlarni o’zi xohlaganicha qiladi. Uning qazosini qaytaradigan va hukmini o’zgartiradigan yo’q.


85. Zul Jalol val Ikrom.

Sharaf va kamol egasi. Karam va ikrom egasi.


86. Muqsit.

O’z adolati ila mazlumlarga nusrat va zolimlarga jazo beruvchi.


87. Jome’.

Jamlovchi. Barcha haqiqatlarni jamlovchi. Odamlarni qiyomat kuni jamlovchi.


88. G’aniy.

Behojat. Uning hech kim va hech narsaga hojati tushmaydi.


89. Mug’niy.

Behojat qiluvchi. U zot O’z bandalaridan qay birini xohlasa behojat qilib qo’yadi.


90. Mone’.

Man qiluvchi.


91. Zorr.

Zarar qiluvchi. Zararli narsalarni ham yaratuvchi.


92. Nofe’.

Manfaat beruvchi.


93. Nur.

O’z-o’zi ila zohir bo’lgan va o’zgalarni zohir qilgan.


94. Hodiy.

Hidoyat qiluvchi. U zot O’z fazli ila xohlagan kimsani hidoyat qiladi. Ya’ni, Alloh kimni to’g’ri yo’lga hidoyat qilsa, albatta, O’z xohishi va fazli ila hidoyat qiladi.


95. Badiy’.

O’xshashi yo’q narsalarni keltiruvchi.


96. Boqiy.

Boqiy qoluvchi. U doimiy bordir, unga foniylik oriz bo’lmas.


97. Voris.

Muvjudotlar yo’q bo’lganda ham boqiy qoluvchi zot.


98. Rashiyd.

To’g’ri yo’lga irshod qiluvchi.


99. Sabur.

O’ta sabrli. Osiylarni azoblashga shoshilmaydi.


http://islom.uz/

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out / Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: