Hech kimga sir emas shu kunlarda O‘zbekiston Xalq Harakati nomi ostida paydo bo‘lgan va oshkora da’vat bilan chiqqan uyushma eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylandi. Garchi Harakat atrofida birdaniga uch-to‘rtta tashkilot birlashgani va e’lon qilingan chaqiriq aynan mana shu tashkilotlarning umumiy chaqirig‘i ekani aytilsada, negadir aksar javobiy chiqishlar, tahlillar aynan Harakatga qo‘shilgan bir tashkilotning bir a’zosiga qaratilmoqda. Bu e’tirozli chiqishlar bilan tanishib borayotganlar albatta biz muxolifatdagi Erk partiyasi etakchisi Muhammad Solihni nazarda tutayotganimizni anglaydi.
Balkim bu e’tirozlar Harakatning barcha ishtirokchilari emas, aynan Muhammad Solihga qaratilishining qandaydir sababi bordir degan tahmin bizlarni quyida e’tiboringizga havola qilmoqchi bo‘lganimiz muloqotni uyushtirishga asos bo‘ldi. Muloqot Yangi fikr nashri asoschisi va muharriri Ulug‘bek Haydarov va Jarayon axborot-tahliliy nashri bosh muharriri Sahif Kotib tomonidan tashkil etildi.
Yangi fikr: Hurmatli Muhammad Solih, bildirilgan munosabatlar va javobiy chiqishlardan kelib chiqqan holda ilk savolimizda bir narsaga hamma uchun oydinlik kiritib o‘tsak, aytingchi, siz chindan ham O‘zbekistondagi asl vaziyatni baholay olish imkonidan uzilganmisiz? Sizningcha vaziyat qanday?









