Qur’oni karimning Furqon surasi 59-oyatida «U osmonlar va yerni hamda ular orasidagi barcha narsalarni olti kunda yaratib so‘ngra o‘z arshiga o‘rnashgan zotdir» deb marhamat qilingan. Parvardigori olam birinchi kun samo va yerni yaratdi, bu paytda qorong‘ilik edi. Qeyin yorug‘likni yaratdi, yorug‘likni kunduz, qorong‘ilikni kecha deb nomladi. Ikkinchi kun osmonni yaratdi. Uchunchi kun suvliklarni, quruqliklarni yaratib o‘simliklarni ko‘kartirdi. To‘rtinchi kun quyosh, oy va yulduzlarni yaratdi. Beshinchi kun suv hayvonlari va qushlarni yaratdi. Oltinchi kun quruqlik hayvonlari va odamni yaratdi va odamni barcha mahluqot ustidan hokim qildi. Yettinchi kunni Xudo muborak va muqaddas bilib ayirdi, chunki yaratilish tugagan edi.
Oltinchi kuni Alloh Jabroilga Odam yasash uchun tuproq olib kelishni buyurdi. Yer esa mendan tuproq olmagil deb yalindi. Shundan keyin Jabroil, Mikoyil, Isrofillar ham yerdan uning yalingani tufayli tuproq ololmadilar. Azroil esa yerning yalinishini pisand qilmay hozirgi Ka’ba turgan joydan yerning ustidan tuproq olib bordi. Shuning uchun ham Alloh odamlarning jonini olishni Azroilga topshirgan. Parvardigor Azroil olib kelgan tuproq (buyuklik va kamtarlik ramzi)ga suv (poklik ramzi)ni qo‘shib loy qilgan va undan odam suratini yasab, 39 kun Makka bilan Toifning orasiga qo‘ygan. Bu vaqtda u shamol (ikkiyuzlamachilik, yolg‘onchilik timsoli) va issiqlik (manmanlik, g‘azab ramzi) ta’sirida qurigan va holiq unga 40- kunda, Juma kuni jon (ruh) ato etgan. Odam olim (bilguvchi), farishtalar obid (ibodat qilguvchi) bo‘ldilar. Alloh obidni olimga xizmat qilishini tayinladi. Odamga barcha (Azozildan boshqa) farishtalar sajda qilgandan keyin uni juma kuni jannat (bog‘)ga kiritib tegishli daraxt mevasidan yemaslikni buyurgan.
Odam qattiq uyquga ketganda uning chap qovurg‘asidan Hovva onani yaratdi va ular juma kuni nikohlandilar. Odam va Hovva jannat (bog‘)da yashar edilar. Hovva bir kun shaytonning ilon orqali aldovi bilan man qilingan daraxt mevasidan yedi va Odamga ham yedirdi va gunohkor bo‘ldilar. Natijada avratlari ochilib axlat chiqaradigan bo‘lishdi va jannatdan quvildilar. Bularning bu qilgan ishlari uchun Hovva ona va barcha ayollarga har tug‘ganda o‘limga teng og‘riq (to‘lg‘oq) berdi, Odam ota va barcha erkaklar xotinining gapiga kirgani uchun umri bo‘yi mehnat bilan rizq topadigan bo‘ldi.
Jannatdan quvilgan Odam Sarandip tog‘iga, Hovva Judi tog‘iga, Iblis (noumid-shayton) Adan tog‘iga, Ilon-Isfaxonga, Tovus hindistonga, bug‘doy Shomga tushdilar. Odam va Hovva 300 yil bir-birini axtarib Makkadagi Arofat tog‘ida uchrashdilar. Arofat tog‘idagi Raxmat cho‘qqisida Alloh ularning tavbasini qabul qildi va ular Muzdalifaga borib er-xotin bo‘ldilar.
Birinchi (egizak) farzandlari Qobil va Iqlimo tug‘ildilar. Ikkichi farzandlari Hobil va Abudo tug‘ildilar. Qobil-dehqon, Hobil-chorvador bo‘ldi. Ularning otasi Qobil bilan tug‘ilgan qiz (Iqlimo)ni Hobilga, Hobil bilan tug‘ilgan qiz (Abudo)ni Qobilga nikohlab berdi.
Qobil bilan tug‘ilgan qiz chiroyliroq bo‘lganligi bois Qobil «har kim o‘z singlisi (egizagi)ni o‘zi olsin» deb janjal qiladi. Odam ota «Kimning Alloh yo‘lidagi qurbonligi qabul qilinsa Iqlimo o‘shanga beriladi» deb e’lon qiladi. Qurbonlik uchun Qobil o‘z dehqonchilik mahsulotidan sifatsizini qo‘yadi, Hobil esa o‘z chorvasidan sifatlisini qo‘yadi. Xudo Hobilning qurbonligini qabul qiladi (Chaqmoq chaqib yondirib ketadi). Unga hasad qilgan Qobil Hobilni tosh bilan urib o‘ldirib qo‘yadi. Uni yerga ko‘mishni esa qarg‘adan o‘rganadi.
Nux a.s. davrida qavmining ko‘pchiligi iymon keltirmay kofir bo‘ldi va ular duoibadga uchrab buyuk to‘fonda halok bo‘ldilar. Nux a.s. va uning xotinlari, 3 o‘g‘li va kelinlari to‘fonda tirik qolib o‘g‘li Xomni Xindiston va Afrika tomonga, Somni Eron va Arabiston tamonga, Yofasni shimol tomonga yer yuzida insoniyatni tarqatish uchun yubordi. Yofas ayrim manbalarda Payg‘ambar deb zikr qilingan va u Tavrotda Iofet deb nomlangan. Volga va Ural daryosi bo‘ylarida 250 yil yashadi va Turk, Hazar, Saqlab, Rus, Ming, Chin, Qamari, Tarix nomli o‘g‘illar ko‘rdi. Otasining o‘rniga katta o‘g‘li Turk (ayrim manbalarda uni payg‘ambar ham deyilgan) o‘tirdi va Issiqko‘l atroflarida hukmronlik qildi.
Nux a.s.dan Alanchaxongacha barcha musulmon bo‘lgan, lekin uning davrida odamlar dindan chiqib kofirlashgan. Alanchaxonning ikki egizak o‘g‘li (Tatar va Mo‘g‘il) bo‘lib otasi davlatni ikkalasiga bo‘lib bergan. Mo‘g‘o‘lning katta o‘g‘li Qoraxondan bir o‘g‘il tug‘ilgan va 3 kungacha onasini emmagan. Har kecha onasining tushiga kirib «Musulmon bo‘lmaguningcha sutingni ichmasman» der ekan. Onasi chiday olmay 3-kuni yashirincha iymon keltirib musulmon bo‘lgan va bola uni ema boshlagan.
Bola go‘dakligidayoq «Alloh, Alloh» deb tinmay takrorlar ekan va 1 yoshiga kirganda she’riy usulda mening otim O’g‘iz (ma’nosi osmon va zamin degani) deb e’lon qilgan. 18 yoshiga kirganda iymondagi kelishmovchiligi sabab otasi bilan jang qilgan va uning taxtiga o‘tirgan.
O’g‘izxon yakkaxudolikka asoslangan yangi dinga asos solgan va halqni unga da’vat qilgan, musulmon bo‘lmaganlarni qirib tashlagan. Ayrim manbalarda uni Turkiylarning payg‘ambari deb zikr qilingan. Yevro-Aziyaning juda ko‘p hududlarini zabt etib, ularni birlashtirib 116 yil hukmronlik qilgan. Bu hududdagi Uyg‘ur, Qoloch, Qorluq, Qiniqli, Qipchoq urug‘larini birlashtirib turkiylarga asos solgan va bu halq O’g‘iz halqi deb ham nomlangan.
O’g‘izxonning tuzgan buyuk tizimli-nizomli davlatlari ko‘p ming yillar hukm surgan. Uning tuzib bergan alifbosi ham ko‘p ming yillar amal qilgan. Uning aytgan ibratli suzlaridan ayrimlari bizga yetib kelgan:
- Yerning ustida mehnat qilsan uning bag‘rida rohat toparsan. –Tuproqni sevmagan-vatanni sevmas. Zar olma-er ol. Suv otadir-er ona. Tuproq tanangdir-osmon ruhing. Yurakda nima bo‘lsa til shuni aytadi. Yurakdan chiqqan so‘z kuchli bo‘ladi. Til bo‘lmasa el (millat) bo‘lmas. Farzandinga til (so‘z)ni ma’nosi bilan o‘rgat. Bilmak 3 bosqichdan iborat: Savod, Bilim, Ilm.
O’g‘izg‘on buyrug‘iga ko‘ra barcha o‘g‘uz halqi 5 ga bo‘lingan:
1.-Aqllilar, 2.-Bilimlilar. 3.-Hisobchilar, 4.-Botirlar. 5.- Sodda bilimsizlar. Bulardan har bittasi o‘zlariga loyiq ishga qo‘yilganlar.
Turkman – Turk (asil) imon (nur) ma’nosini bildiradi. Tangri bu millatga ikki hosiyat – ruhibalandlik va qaytuvsizlik bergan. Bu halq va uning ko‘pgina udumlari Nuh a.s. va uning nabiralaridan boshlagan.
Nuh a.s. ga tushgan ilohiy saxifalarning mazmuni «Ahloq tozaligi» dan iborat bo‘lib unda quyidagi so‘zlar ham keltirilgan: «Yigitlarga-nomus ayollarga-uyat kerak» Nuh a.s. ayollarga uzun va keng ko‘ylak kiyishni, boshi (sochi)ga ro‘mol bog‘lashni buyurgan, lekin yuzini ochib qo‘ygan. Bu to‘g‘rida X-asr tarixchisi Ibn G’ablan «Turkmanlar qo‘shni halqlar kabi ayollarining yuzlarini bekittirmaydilar (paranji tutmaydilar)» deb yozgan. Shuningdek ayollarga nomahram erkaklar oldida og‘zini yopishni (yoshmoq), ular qaraganda yengi bilan ko‘zini berkitishni, noloyiq so‘zlar eshitganda yengini (yoki ro‘moloni) tishlashni buyurdi.
Nux a.s. quyidagi odob-qoidalarni ham joriy qilgan:
- Kattani hurmat qilish,-kichikni erkalash, – ota-onaning xabarini olish,-ixcham va toza kiyinish, – uyingda halol mehnating bilan topgan narsani saqlash, – uyning bezagi –uning tozaligi va sarishtaligi, -uyingni , oila a’zolaringni va qo‘shnilaringni himoya qilish, -ruhibalandlik, -ayollar bezagini bo‘yniga, boshiga, qulog‘iga va ko‘kragiga taqish.
O’g‘izxonning 6 ta o‘g‘illaridan bo‘lgan, 24 ta nabirasidan turkman millatining 24 toifasi boshlanadi. Shu bois Turkman millatining nasl boshisi O’g‘izxon hisoblanadi:
Bu toifalarning tuzilishi va ma’nosi quyidagicha:
O’ng qo‘l (buzuk) qavmlari.
O’g‘izxonning 1-o‘g‘li Kunxondan:
1. Gaya – buyuk, mahkam.
2. Bayat – davlatli, va ne’matli.
3. Oq uyli – hamma yerda yurib,kelishib va yarashib yuradiganlar.
4. Qora uyli – qora uyda yashaydiganlar.
Bularning tamg‘asi turlicha bo‘lsada ramzi qushi oq lochin. Suyagi o‘ng gari, yog‘irli.
2-o‘g‘li Oyhondan:
1. Yazir – ko‘p viloyatli.
2. Duker – yig‘ilishib, birlashib.
3. Dodurga – mulk tutuvchi.
4. Yaparli – Tamg‘asi har biriniki o‘zgacha, lekin ramziy qushi burgut. Suyagi- oshiqli va o‘macha.
3-o‘g‘li Yulduzxondan:
1. Ovshar – chalasun va orzu havasli.
2. Girik – farmonga bo‘ysinuvchi.
3. Begadili – beglar aziz deguvchilar.
4. Garkin – taom beruvchi va buyuruvchi. Xar bittasi o‘z tamg‘asiga ega, lekin barchasi uchun ramzi qushi-ovchi qush.
Chap qo‘l (uch o‘q) qavmlari.
O’g‘izxonning 4-o‘g‘li Ko‘k xondan:
1. Bayindir – hamisha boy va ne’matli.
2. Bechene – yaxshi bordi-keldi qiladigan.
3. Cho‘vdir – nomusli, ovozasi o‘zoqlarga tarqalgan.
4. Cherpi – dushmanga hujum qiluvchi. Ularning har bittasi o‘z tamg‘asiga ega. Barchasi uchun ramzi qushi-shunqor. Suyagi-chap gari, yag‘irni.
5-o‘g‘li Tog‘xondan:
1. Soli – har yerda kiliching ravon bulsin.
2. Eymir – ko‘p uyli va boy.
3. Alayuntli – gisraklari ala.
4. Uregir – xamisha yaxshilik, foyda qiluvchi. Xar qaysining tamg‘asi har xil, ramziy qushi – ovchi qush. Suyagi uja bilan gapirga.
6-ug‘li Dengiz xon:
1.Igdir – katta va botir
2.Bukder – Ыg‘uzxonning barcha urug‘lariga hurmat va xizmat qiluvchi
3.Yiva – martabasi yuqori.
4.Qiniq – hammadan aziz. Har qaysining tamg‘asi xar xil. Barchasining ramziy qushi – Chaqir. Suyagi – oshiqli va sagri.
Turkman millatining asosini tashkil qilgan 24 toifa, 40 tira asrlar davomida o‘zgarib turgan. Yangi tira, urug‘, aymoqlari paydo bo‘lgan, ayrimlari esa yo‘qolib xam ketgan. Hozirgi paytda turkmanlarning eng katta urug‘lari: Teka, Yo‘mid, Arsori, Salir, Sariq, Alili, Garadashli, Cho‘vdir, Go‘klan, Abdali, Yemrvali, Yazo‘r, Garkan, Gayi, Dodurga, Bayat, Qora uyli, Igdir va boshqalar hisoblanadi.
Teka urug‘i asosan Axal, Murg‘ob xavzasida, Tejan vohasida ko‘proq tarqalgan. Yovmut asosan Kaspiy bo‘ylarida, Xiva xonligi hududida tarqalganlar. Arsorilar Amudaryo vodiylarida, Sariq, Go‘klan, Chovdirlar ko‘proq Xiva xonligi xududida tarqalganlar.
Taniqli tarixchi Rizo Nur tomonidan XX – asrning boshlarida yozilgan. «Umumiy turk tarixi» kitobida «O’g‘uzxon turkmanlarning milliy payg‘ambaridir. Lekin Kuronda keltirilgan payg‘ambarlar orasida uning nomi yo‘q. U faqat «Torg» nomi bilan Ibroniy (qadimiy Agap tilida yozilgan) kitoblarda va Tavrotda keltiriladi» deyilgan.
1889 yilda g‘arbiy-sibirda Urxon daryosi oqimida tarixiy yozuvlar yozilgan toshlar topilgan. 1893 yilga kelib bu toshlardagi yozuvlar turkmancha ekanligi va bu alifbe qadimiy turkman alifbesi ekanligi olimlar tomonidan anqlangan. Bu alifbe 38 harfdan iborat bo‘lgan. Bu yozuvlar ichida shunday suzlar ham bo‘lgan: «O’g‘uz turkman beklari eshiting! Biz (turkman)larni Hudo olmasa, yer yutmasa hech kim yo‘qotib bilmas!» Ming yillardan buyon kelayotgan turkmandagi «Toshga yozilgan kabi» degan maqoli shunga asoslangan. «Turkman uchun oliy jazo o‘lim emas-nomus (sharmandalik) dir» degan maqol ham ming yilliklardan buyon mavjud.
Muhammad aleyhissalom davriga yaqin paytda Boyotda Go‘rkut ota (Seljukboyning bobosi) dunyoga keldi va 295 yil umr ko‘rdi. U karomatlari zoxir bo‘luvchi avliyo ham edi. U birinchilardan bo‘lib Islomni qabul qildi, Makka va Madinaga borib haj ziyoratini bajardi. Bu zamonlarda Amudaryo O’g‘uz (o‘kuz emas!) daryosi deb nomlangan.
Marv hukmdori Maxiga Hazrati Ali ibn Abu Tolib tomonidan yozilgan hati saqlangan va unda «Buyuk Allohning haqqi uchun adolat yuli bilan borayotganlarga rohatlik bo‘lar. Marvning marzboni O’raz Mahiy uzi mening oldimga keldi, men bunga shod bo‘ldim» degan so‘zlar bitilgan bo‘lgan.
Islom dinidagi g‘oyalar shariatlar turkmanlarga ma’qul bo‘lganligi sababli Merv hukmdorlari shahar darvozalarini arablarga ochib berdilar va urushsiz (o‘z istaklari bilan) Islomni qabul qildilar. Arablar ta’sirida turkmanlarning shixlar, ho‘jalar, sayidlar, otinlar, maxdumlar kabi qatlam-(avlod)lari paydo bo‘lgan.
Ming yilliklar davomida turkmanlar dinini, tilini, kiyimi (ayniqsa ayollar kiyimi)ni, millat tozaligini saqlab kelganlar. Sharqdan Xindiston, g‘arbdan O’rtaer dengizigacha bo‘lgan hududda 70 dan ko‘proq davlat yaratganlar va XV11- asrgacha hukumronlik qilganlar.1918-1920 yillarda Xivaning ohirgi (amaldagi) xoni ham turkmanning yo‘mid urug‘idan Junaidxon bo‘lgan. XX1- asr boshlarida dunyodagi turkmanlar soni 22 mln dan ko‘proqni tashkil etgan. Hozirgi turkman tili-Osman (turk) tili, Seljuk tili, O’g‘iz tilining davomi bo‘lib turkiy tillar turkumiga kiradi.
O’zbek nomi (atamasi) 1312-1342 yillarda Oltin O’rdada honlik qilgan Chingizxonning nabirasi sulton Muhammad O’zbekxonning nomidan olingan. O’zbek millatining kelib chiqishi (paydo bo‘lishi) haqida tarixiy manbalarda quyidagilar rivoyat qilingan.
O’g‘uzxonning qipchoq urug‘iga mansub bo‘lgan Alankuva nomli ayol eri o‘lganidan keyin uning o‘rniga podshoh bo‘lgan. Uning xonasiga tuynigidan nur (yorug‘lik) shaklida oq yuzli, bodom qovoq qisiq ko‘zli bo‘lgan bir odam kelib u bilan qovushadi va Alanquva homilador bo‘lib qoladi.
718-milodiy yilda bu «Nur-odam» dan 3 o‘g‘il ko‘radi. Kichik o‘g‘li Budanjir munkak bo‘lib uning 5-avlodi Tumanaxon bo‘lgan va uning egizak o‘g‘li (Qobul va Qochuvli) tug‘iladi. Otasi Tumanaxon xonlikni katta o‘g‘li Qobul va uning avlodlariga, amirlik (lashkarboshilik) ni esa kichik o‘g‘li Qochuvli va uning avlodiga vasiyat qiladi. Shunday qilib Tumanaxon Qobul avlodi bo‘lmish Chingizxonning 4- bobosi bo‘lsa, Qochuvli avlodi bo‘lmish Amir Temurning 9- bobosidir.
O’zbekxon hududidagi Oq o‘rda va Shaybon ulusida ko‘chib yurgan turk- mongol ko‘chmanchi qabilalarining bir qismi o‘zlarini erkin (bo‘ysinmaydigan) tutganliklari sababli «O’zbek» (o‘ziga o‘zi bek) nomi bilan yuritila boshlangan. Dashti qipchoqdagi bu ko‘chmanchi o‘zbek qabilalari 1420 yilda Abo‘lhayrxon rahbarligida birinchi o‘zbeklar davlatini tashkil qilganlar va bu davlat 40 yil umr ko‘rib tarqalib ketgan.
Abulhayrxonning nabirasi Muhammad Shayboniyxon dashti qipchoqdagi «O’ziga o‘zi bek» o‘zbeklarni qaytatdan birlashtiradi va 1501 yilda O’rta Osiyoga bostirib kirib Mavarounnahrda o‘rnashib qoladi va 2-o‘zbeklar davlatiga asos soladi. Tarixdan ma’lumki bu hudud (Mavorounnahr)ning Amudaryo va Sirdaryo vohalari va oralig‘ida qadimdan Saklar, Massagetlar, Toxarlar, Qong‘alilar, Uzzlar kabi qabila (halqlar) yashaganlar. Ular keyinchalik istiqomat qilib turgan vohalar va vodiy nomlari bilan – Xorazmiylar, So‘g‘diylar, Farg‘oniylar, Shoshiylar va boshqalar deb atalganlar. Qator yirik tarixchi va etnograf olimlarning ta’kidlashicha Movaraunnahr (hozirgi O’zbekiston), Qaraqalpoq (orol bo‘yi), Turkman (Amudaryoning quyi oqimi), Tojik (Buxoro va Zarafshon vodiysi) va qozoq (Toshkent va Chirchiq vodiysi) kabi turkiy halqlar vatani bo‘lgan. Bugunga kelib hozirgi O’zbekiston hududida dashti qipchoqdan Shayboniyxon boshchiligida kelgan haqiqiy o‘zbeklar, Xorazmiy, So‘g‘diy, Farg‘oniy, Shoshiy va boshqalar deb atalmish o‘zbek bo‘lmagan turli millatga mansub mahalliy aholi va ularning chatishuvidan yuzaga kelgan chala o‘zbek (duragay)larning barchasi «O’zbek» nomi (millati) bilan yashamoqdalar.
(Professor Axmad hoji Xorazmiyning “Hadisi sharif o‘gitlari” kitobidan)
