Xalqaro tashkilotlar O’shdagi jinsiy zo‘rlash hodisalarini tasdiqlashmoqda – bbc uzbek


17 iyun 2010

Xalqaro ko‘mak tashkiloti O’shdagi Qizil Xoch shifokorlariga murojaat etgan bir necha ayol jinsiy zo‘rlash qurboni bo‘lganliklarini aytgan.

Qizil Xochning Qirg‘izistondagi hay’ati raisining o‘rinbosari Severin Shappazning aytishicha, shu hafta tashkilotning O’shdagi shifokorlariga murojaat etgan bir necha yosh ayollar o‘zlarini jinsiy zo‘rlashganidan shikoyat etishgan.

“Qizil Xoch brigadasi hamrohligidagi mahalliy shifokor ayollardan birini tekshiruvdan o‘tkazdi va uning jinsiy zo‘rlanganini tasdiqladi”, deb aytgan Shappaz xonim.

“Shubhasiz, zo‘rlash, bu – inson jismoniy daxlsizligining eng qo‘pol ravishda buzilishi va uning nomusiga tajovuzdir. Biz bu kabi holatlarni qattiq qoralaymiz”, deb aytgan Qizil Xoch vakilasi.

O’shdagi jinsiy zo‘rlash hodisalarini Hyuman Rayts Votch ham tasdiqlagan.

Tashkilotning O’shda bo‘lgan vakili Ole Solvang Bi-bi-si bilan suhbatda payshanba kunining o‘zida jinsiy zo‘rlash bilan bog‘liq bir necha hodisalarni hujjatlashtirganliklarini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir hodisada zo‘ravonliklardan vayron bo‘lgan uyini ko‘rish uchun borgan 19 yoshli o‘zbek qiz harbiy kiyimdagi bir necha kishi tomonidan mashinaga o‘tqazilib, olib ketilgan va zo‘rlangan.

Hyuman Rayts Votch vakili seshanba kuni jinsiy tajovuzga uchragan yana bir qizning hikoyasini keltiradi.

Unga ko‘ra, qirg‘iz millatiga mansub ayollarning zo‘rlangani haqida ham xabarlar olingan, ammo hozirgacha bu xabarlar tasdiqlanmagan.

Hyuman Rayts Votch zo‘rlash hodisalarining qanchalik keng tarqalgani haqida hozircha aniq ma’lumotga ega emasligini aytmoqda.

Seshanba kuni Toshkentdagi BMT vakolatxonasida o‘tgan matbuot anjumanida Jahon Sog‘liq Tashkiloti vakili M. Tayad 25 ta jinsiy zo‘rlash hodisalari qayd etilganini aytgan.

“Men chegarani kesib o‘tayotganlar orasida banditlar guruhi tomonidan zo‘rlangan ikki qizni ko‘rib, dahshatga tushdim. Bu hodisadan keyin ular uchun yashashning ma’nosi qolmagan. Bular yakkam-dukkam holatlar emas”, deb aytgan Jahon Sog‘liq Tashkiloti mulozimi.

Payshanba kuni Bi-bi-siga gapirgan O’shlik o‘zbeklardan biri O’shdagi “Nostalgie” kafesi binosida zo‘rlangan va u yerda garovda ushlab turilgan 8 nafar o‘zbek ayollarining qirg‘iz miliyiyasi yordamida ozod qilinganini aytdi.

Uning aytishicha, ayollarning zo‘rlangani tasvirga olingan va hozirda O’shda tarqalgani haqida xabarlar bor.

Ularni ozod qilish amaliyotida ishtirok etganini aytgan o‘zbek faoli ayollarning ismi shariflari va yoshlari haqida ma’lumot berolmasligini aytdi.

Ammo uning so‘zlariga ko‘ra, qirg‘iz rasmiylari bundan xabardor.

Guvohning aytishicha, ayollar yuz bergan hodisadan larzada va hozirda uylarida o‘tirishibdi.

Ular shifokorlarga yordam so‘rab, murojaat etishmagan.

Qizil Xoch zo‘rlangan ayollarning qaysi millatga mansub ekani haqida hech narsa demagan.

Avvalroq BMT voizi Rupert Kolvill O’shda ayollarni zo‘rlashayotgani haqida xabarlar olganliklari va hammasi millatiga qarab bo‘layotganini aytgan edi.

Zo‘rlash, bu – inson jismoniy daxlsizligining eng qo‘pol ravishda buzilishi va uning nomusiga tajovuzdir. Biz bu kabi holatlarni qattiq qoralaymiz

Severin Shappaz, Qizil Xoch

Dushanba kuni Andijon viloyatining Xo‘jaobod tuman shifoxonasida bo‘lgan Frans Press muxbiri shifoxonaga jinsiy zo‘rlangani aytilgan uch opa-singillarning olib kelingani haqida xabar bergan.

Jurnalistning aytishicha, o‘zbekistonlik shifokorlar ularning zo‘rlanganini tasdiqlaganlar.

O’sh va Jaloloboddagi zo‘ravonliklarda halok bo‘lganlarning rasmiy soni 191 kishiga yetgan, yaralanganlar esa 2000 ga yaqin.

Qizil Xoch tashkiloti qurbonlar soni yuzlab bo‘lishi mumkinligini aytgan.

Insoniy inqiroz

Qizil Xoch tashkiloti tarqatgan xabarda aytilishicha, yordam xodimlaridan iborat brigada chorshanba kuni Qirg‘iziston janubidagi bir necha olis tumanlarga yetib borib, u yerdagi insoniy inqiroz miqyosi haqida aniqroq ma’lumot olishga muvaffaq bo‘lgan.

O’sh shahri yaqinidagi qurilish majmuasini borib ko‘rgan Qizil Xoch vakillari bitta bino ichida 3 ming insonning jon saqlayotganiga guvoh bo‘lishgan, 500 nafari kichik yoshdagi bolalar.

Ular Qizil Xochdan oziq-ovqat va bolalarga taglik so‘rashgan.

Tashkilot vakillarining aytishlaricha, oxirgi uch kunda ushbu binoda 5 nafar chaqaloq tug‘ilgan.

O’sh atrofida jon saqlayotgan qochqinlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan tashkilot vakillarining aytishlaricha, Qirg‘iziston ichkarisidagi qochqinlarning aniq sonini aytish qiyin.

Qizil Xochning aytishicha, murakkab vaziyat, aholining xavotirlik darajasi, oziq-ovqat, suv va dori-darmonlarning yetishmayotgani oilalar, jamoalar, shuningdek, O’zbekiston v Qirg‘izistonning o‘zidagi uylarini tashlab chiqqan odamlarning ahvolni yanada og‘irlashtirmoqda.

O’zbekiston tomoniga o‘tganlar soni tashkilotga ko‘ra, 75 ming kishi, ammo bolalar bu hisobga kirmaydi.

Qizil Hoch ja’mi 100 mingdan ko‘proq qochqinlarning O’zbekiston hududida boshpana topganini aytmoqda.

“Insoniy inqiroz miqyoslari haqiqatan ham juda katta”, deb aytgan tashkilotning Qirg‘izistondagi vakili.

Chorshanba kunning ikkinchi yarmida Qizil Hochning tibbiy yordam ortilgan birinchi yordam uchog‘i O’shga yetib borgan.

Tashkilot Andijonga ham yordam yetkazishga hozirlanayotganini bildirgan.

Chorshanba kuni Qizil Xoch mutaxassislaridan iborat guruh Andijonga yetib borgan.

Yordam o‘zbeklarga yetib bormayapti

Ayni paytda O’sh va Jalolobodga borayotgan yordam talon-taroj qilinayotgani va bozorga olib chiqib sotilayotgani haqida xabar olinmokda

O’shdagi o‘zbeklar chorshanba kuni oz miqdorda oziq-ovqat va dori-darmonlarning yetib borganini tasdiqlashgan, ammo ularning aksariyati yordamni ko‘rmaganliklarini aytishmoqda.

O’shning “Amir Temur” shaharchasida istiqomat qiladigan Dilmurodning Bi-bi-siga aytishicha, O’shga yordam olish uchun borish xavfli bo‘lgani bois ular O’sh atrofidagi Aravon va boshqa tumanlardan un va dori-darmonlar olib kelishgan.

Chorshanba kuni yordam olish uchun mashinasida O’shga borgan yana bir o‘zbek faoli qirg‘iz millatiga mansub olomon tomonidan ushlanib, do‘pposlangani va bir necha soat garovda ushlab turilganini aytdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqinda bo‘lgan qirg‘iz harbiylari olomonni to‘xtatmagan.

O’shlik Muzaffar yordamni “qirg‘izlar bozorga olib chiqib sotayotgani”ni aytgan.

Seshanba kuni Bi-bi-siga gapirgan jalolobodliklardan biri o‘zlari topgan-tutganlarini baham ko‘rishayotgani va shahar atrofidagi tepaliklarda jon saqlayotgan ayollar va bolalarga yetkazib berayotganliklarini aytgan.

“Do‘konlarimiz bor edi, ana shu do‘konlardagi narsalarni berayapmiz, boshqa akalarimiz ham bor bisotlarini olib kelib berishayapti”, deb aytgan Jalolobodning Xo‘ja mahallasidan bo‘lgan o‘zbeklardan biri.

Chorshanba kuni Suzoqda o‘zbek aholisiga oziq-ovqat va dori-darmon yordami olib ketayotgan ikki yuk mashinasining nazorat- o‘tish nuqtasida harbiylar tomonidan to‘xtatilib, yordamning olib qo‘yilgani haqida xabar olingan.

Xyuman Rayts Votch tashkiloti vakillariga ko‘ra, ular suhbatlashgan aksar o‘zbeklar yordam olmayotganliklarini aytishgan.

Xalqaro insonparvarlik yordamlarining talon-taroj qilinayotganini qirg‘iz hukumati rasmiylari ham tasdiqlashgan.

Muvaqqat hukumatning insonparvarlik yuklarini yetkazish bo‘yicha maxsus vakilining yordamchisi Kanat Askarovga ko‘ra, mamlakat janubiga yetkazilayotgan yordamning bir qismi talon-taroj qilinmoqda.

Qirg‘iz rasmiylariga ko‘ra, birgina Bishkekdagi Manas aeroportidan O’shga 13 iyundan buyon 780 tonna insonparvarlik yordami yuborilgan. Bundan tashqari jamoat tashkilotlari va fuqarolardan kelayotgan yordamlar ham bor.

Garovga olishlar

Bi-bi-siga gapirgan va nomi oshkor etilishini istamagan o‘shliklardan biri shaharda garovga olish va pul talab qilish hollarining ko‘payganini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O’shdagi qirg‘iz mahallasida ushlab turilgan o‘zbek ayol 500 AQSh dollari evaziga qutqarib olingan.

Garovgirlar avvaliga 2000 ming dollar talab qilishgan, ammo buncha pul topilmaganidan keyin, tunda telefon qilib, 500 dollarga ozod qilishlarini aytganlar.

“Biz bir tatar bolani yubordik va u qirg‘iz mahalladagi uylarning biridan ayolni olib chiqdi”, deydi guvoh.

Uning aytishicha, voqealar boshlangan birinchi kuni o‘zbek mahallalari va ko‘chalardan bir necha ayollar tanlab, olib ketilgan v keyinroq pul evaziga qo‘yib yuborilgan.

Ulardan ba’zilari bedarak ketgani aytiladi.

O’zbek-qirg‘iz chegarasida turgan qochqinlar qirg‘iz haydovchilar ayollar va bolalarni o‘zbek chegarasiga olib borib qo‘yish uchun 2000 dollargacha pul talab qilayotganini aytishgan.

Rasmiylar har ikki tomondan garovga olish hollari qayd etilganini tasdiqlashgan.

Nisbiy osoyishtalik

Ayni paytda so‘nggi kunlarda O’sh va Jalolobodda vaziyatning nisbatan barqarorlashgani aytilmoqda.

Qirg‘iziston bosh vazirining o‘rinbosari Azimbek Beknazarov O’shda tun osoyishta o‘tgani va “vaziyatning normallashayotgani”ni aytgan.

Ammo hanuz odamlarning ko‘chaga chiqishga qo‘rqayotganlari aytiladi.

Bi-bi-siga gapirgan O’sh markazida yashovchi fuqarolardan biri shaharda muvaqqat hukumat shtabi va xavfsizlik kuchlari amal qilayotgani, ammo vaziyatni to‘la nazorat qila olmayotganliklarini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, shaharda hanuz vaqti-vaqti bilan otishma ovozlarini eshitish mumkin, snayperlarning haliyam amal qilayotgani haqida gap-so‘zlar bor.

O’shdagi o‘zbek jamoasi vakillari har ikki tomondan o‘zaro ishonchning yo‘qolganini aytib, tashqaridan qo‘shin kiritishga chaqirishmoqda.

Jalolobodda qurbonlarni dafn etish marosimlari davom etgani aytiladi.

Payshanba kuni Jalolobod bozori zo‘ravonliklar boshlanganidan buyon birinchi marta qayta ochilgan.

Chorshanba kuni qirg‘iz rasmiylari vaziyatning barqarorlashayotganini aytib, xorijiy kuchlarga ehtiyoj qolmaganini aytishgan.

Ammo xalqaro ekspertlar buni shubha ostiga olishmoqda.

Bryusseldagi Xalqaro inqiroz guruhi vaziyat barqarorlashmoqda, deyishga xali erta ekanini aytgan.

Ayni paytda Qirg‘izistonning muvaqqat Prezidenti Roza Otunboeva favqulodda xolat sharoitida referendum o‘tkazishga izn beruvchi farmonni imzolagan.

Unga muvofiq, Qirg‘izistonning referendum haqidagi qonuniga o‘zgartirish kiritiladi.

Mavjud qonun komendantlik soati va favqulodda holat sharoitida ovoz berish jarayonlarini o‘tkazishga izn bermaydi.

Ammo o‘zgarish Qirg‘izistonning butun hududi emas, balki alohida xududida favqulodda xolat amal qilayotgan bo‘lsa, referendum o‘tkazilaverishini nazarda tutadi.

Qirg‘iz hukumati mamlakatning yangi konstitutsiyasi bo‘yicha referendumning belgilangan vaqt-27 iyunda bo‘lib o‘tishini e’lon qilgan.

Hukumat referundum o‘ziga qonuniy maqom berishi va Qirg‘izistondagi vaziyatni barqarorlashtirish uchun muhim ekanligini ta’kidlaydi.

Qirg‘iziston muvaqqat hukumatining bildirishicha, chorshanba kuni kechqurun Roza Otunboeva AQSh Davlat Kotibasi Xillari Klinton bilan mamalakat janubidagi vaziyatni muhokama qilgan.

Rasmiy xabarga ko‘ra, AQSh mulozimi zo‘ravonliklarda halok bo‘lganlarning oilalariga hamdardlik bildirgan va AQSh Qirg‘izistonga insonparvarlik yordami ko‘rsatishda davom etishini aytgan.

O’zbekistonning mavqe’i

Qirg‘iziston rasmiylari O’zbekistonning O’sh va Jaloloboddagi zo‘ravonliklar yuzasidan egallagan mavqe’ini olqishlashgan.

Bishkekda o‘tgan matbuot anjumanida bosh vazir o‘rinbosari Azimbek Beknazarov Prezident Karimov “o‘z millatdoshlariga yordam berish maqsadida qo‘zg‘olon ko‘tarish niyati bor o‘zbekistonliklarni to‘xtatib qolgan Islom Karimov o‘z harakatlari bilan Qirg‘iziston muvaqqat hukumatiga va xalqiga zo‘r yordam berdi”, deb aytgan.

Qirg‘iziston janubidagi zo‘ravonliklar ortidan O’zbekiston qochqinlarga chegarani ochgan va Qizil Xoch tashkilotiga ko‘ra, 100 mingdan ortiq qochqinni o‘z hududida joylashtirgan.

Birlashgan Millatlar O’zbekistonning qochqinlarga ko‘rsatayotgan yordamini olqishlagan.

O’zbekiston davlat xabar agentligi O’zA qochqinlarga yordam hisob raqamlarini e’lon qilgan.

Davlat matbuoti qirg‘izistonli qochqinlarga nisbatan “vaqtinchalik ko‘chib kelganlar” iborasini ishlatmoqda.

Ayni paytda Qirg‘iziston shimoliy qo‘shnisi bo‘lgan Qozog‘istonning chegaralarni yopib qo‘yganini tanqid qilgan.

Azimbek Beknazarov Qozog‘istonning qirg‘iz fuqarolarini mamlakatdani badarg‘a qilganini qoralagan.

Chorshanba kuni Qozog‘iston chegara xizmatlari qirg‘izistonlik o‘zbek millatiga mansub bir necha yuz fuqarolarni mmalakatdan chiqarib yuborgani haqida xabarlar olingandi.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/central_asia/2010/06/100617_redcross_osh.shtml

Leave a Reply

Fill in your details below or click an icon to log in:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out / Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out / Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out / Change )

Connecting to %s

Follow

Get every new post delivered to your Inbox.