Qirg‘iziston janubida yuzlab millatdoshlarimizning o‘ldirilishi bizni chuqur xavotirga solmoqda. Guyo maishiy sabablar-la yuz bergan kichik to‘qnashuv shaklida boshlangan O’sh voqealari chig‘iriqdan chiqib, katta fojeaga aylandi. Ilk kunlari bu voqeaning tezda bartaraf qilinishiga umid qilib, siyosiy odob yuzasidan keskin bayonotdan chekilib turdik, ammo voqealar tadriji shuni ko‘rsatmoqda-ki, hali ham majhul qolayotgan kuchlar ikki birodar xalq – qirg‘iz va o‘zbekni bir biriga qayrab, “Qirg‘iziston janubini o‘zbeklardan tozalash” kabi dahshatli rejani amalga oshirayotgan ko‘rinadi.
Xolbuki, O’zbekistonda yashayotgan qirg‘iz birodarlarimiz uchun O’zbekiston naqadar vatan bo‘lsa, Qirg‘iziston xam u yerda yashayotgan o‘zbeklar uchun shu qadar vatandir.
O’zbekistondagi qirg‘izlar Qirg‘izistondan kelgan “diaspora” bo‘lmaganidek, Qirg‘izston janubidagi o‘zbeklar xam u yerning “natsmenshinstvo”si emas!
Nafaqat bu ikki xalq, balki bugun Markaziy Osiyo deb atalayotgan bu jo‘g‘rofiyoda yashayotgan butun xalqlar bir-birining aslo diasporasi va yoki “natsmenshinstvo” emas! Ular bu zaminda Odam Otadan beri yashab kelayotgan qon-qardosh, birodar qavmlardir!
Buni bu mintaqaning siyosatchilari nihoyat tushunishlari kerak, tezroq tushunishlari kerak.
Ogox bo‘ling, bir-birining uylarini yoqayotgan johillarni to‘xtatish bahonasida, bizga “yordam qo‘lini cho‘zib”, xalqlarimizga bo‘yinturuq kiydirishni orzu etayotgan yangi “og‘alar” ostonamizda poylab turibdi!
Biz bu qatliomni to‘xtatish uchun O’zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlarini konkret tadbir olishlarini talab qilamiz. Ayniqsa, O’zbekiston hukumatini faolroq bulishga chaqiramiz. Bo‘layotgan voqealarga “bu ularning ichki ishi”, deya loqayd turish bizning davlat etikamizga to‘g‘ri kelmaydi. Ommaviy qotillik hech kimning “ichki ishi” bo‘la olmaydi. Ommaviy qotillikni tuxtatishga tashabbus – xar bir vijdonli kishi kabi xar bir davlatning xam burchidir, vazifasidir.
Nixoyat, biz qondosh va jondosh bo‘lgan ikki xalq – Qirg‘iz va O’zbekka murojaat kilamiz: Xunrezlikka to‘sik bo‘ling, qotillarni to‘xtating! Aks xolda, Tarix bizlarni kechirmaydi!
Muhammad Solih
O’zbekiston ERK Demokratik partiyasi lideri
12.06.2010